AMONOV Saydazim
Qadimgi Kesh nafaqat Qashqadaryo viloyatining, balki butun Oʻzbekistonning, qolaversa, Oʻrta Osiyo mintaqasidagi qadimgi yirik shaharlardan hisoblanadi. Ushbu maqolada Qadimgi Kesh tarixiy viloyatida joylashgan aholi manzillari, yan’ni rustoqlari haqida soʻz boradi. Kesh viloyati antik va oʻrta asrlarda Turon mintaqasida kechgan tarixiy jarayonlarda muhim oʻrin tutgan. Bu oʻz navbatida Kesh viloyatida joylashgan shahar va rustoqlar tarixini oʻrganish zaruratini keltirib chiqaradi. Maqolada yozma va arxeologik ma’lumotlar asosida oʻrta asrlarda muhim ma’muriy hududiy birlik boʻlgan rustoqlar haqida ishonchli ma’lumot lar keltiriladi. Oʻrta asrlarning yirik muarrixlaridan boʻlgan Ibn Havqal Keshda 16 rustoqlar mavjud boʻlganligini ta’kidlaydi. Ibn Havqal tomonidan keltirilgan rustoqlarning hozirda joylashgan oʻrni masalasiga aniqlik kiritish Janubiy Sugʻd tarixini oʻrganishda muhimdir.