Muhabbat KURBANOVA, Sevara RAHMATOVA
Ushbu maqolada takrorning oʻziga xos xususiyatlari va uning badiiy matnda konnotativ ma’nolarni ifodalashdagi ahamiyati haqida soʻz boradi. Shu bilan birga taniqli oʻzbek shoiri Eshqobil Shukur she’rlarida qoʻllangan fonetik, leksik, morfologik va sintaktik birliklar takrorining badiiy matn ta’sirchanligi, ohangdorligi va matn qismlarining yaxlitligini ta’minlashdagi oʻrni misollar orqali tahlilga tortiladi. Xususan, unli va undosh tovushlar uyg‘unligiga asoslangan alliteratsiya va assonans, geminatsiya kabi fonetik usullarning badiiy matn ekspressiv-emotsionalligini oshirishdagi roli bayon etiladi. Shoir she’rlarida takror san’atini hosil qilishda leksik birliklar takroridan samarali foydalanib soʻz ma’nolarining boʻrttirilishiga, ta’kidni kuchaytirishga erishganligi asoslanadi. Shuningdek, shoir ijodiy ishlarida morfologik vositalar – egalik, kelishik, koʻplik qoʻshimchalari, fe’lning buyruq-istak mayli shakllarini takror qoʻllash orqali oʻzgacha konnotativ boʻyoqlar hosil qilinganligi izohlanadi. Eshqobil Shukur she’rlarining ta’sirchanligini oshirishda hamda lirik qahramon subyektiv munosabatini ifodalashda sintaktik birliklar, xususan, gaplar, gap boʻlaklari, soʻz birikmalari, undalmalar takrorining tutgan oʻrni tahlil etiladi.