SAYFULLAEV Baxtiyor, ERGASHEV Odil, UNGALOV Lazizbek
Yaqin kunlargacha Samarqand tarixi aks etgan ilmiy adabiyotlarda mintaqada ilk paleolit (1 mln-100 ming yillar avval) davrida qadimgi jamoalar yashaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchramas edi. Dunyoning ba’zi yetakchi ilmiy markazlari O‘zbekiston hududi bu davr insoniyat vakillari yashashi uchun noqulay bo‘lgan degan fikrlarni ham bildirishgan. Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand arxeologiya instituti olimlari 2024-yil Nurota tog‘ tizmasining shimoliy qismi janubiy etaklarida joylashgan Qo‘shrabod tumanining Minishkar va Pangat qishloqlaridan ilk paleolit davri qurollarini aniqlashdi. Ushbu topilgan artefaktlar tadqiqotlari natijasida Shimoliy Nurota tog‘ tizmasida joylashgan kichik vohalarda ilk paleolit davrining ashel madaniyatiga mansub qadimgi jamoalar yashaganligiga oid dastlabki xulosalarga kelindi. Maqolada Samarqand viloyati Qo‘shrabod tumani hududida aniqlangan ilk, o‘rta va so‘nggi paleolit davriga oid topilmalarning ilmiy tahlili keltiriladi.