BARZIYEV Oybek Xabibullayevich
Annotatsiya: maqolada milliy uyg‘onish davri Farg‘ona adabiy muhitining vakili Muhammadaminxo‘ja Muqimiy satirik asarlarida boshlab bergan saylov mavzusi bilan bog‘liq an’anaviy turkumlilik haqida gap boradi. Shoirning mazkur mavzu bilan bog‘liq an’anaviy obraz va detallar, so‘z qo‘llash mahorati uning zamondoshlari bo‘lgan Xojajon Xo‘ja Rojiy Marg‘iloniy, Nodim Namongoniy, mulla Yo‘ldosh og‘li Xilvatiylarning lirik meroslarida ham mantiqan davom etganligiga asosiy e’tibor qaratiladi. Milliy uyg‘onish davri Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan saylov siyosiy jarayoni va ularning salbiy oqibatlari mazkur shoirlar ijodida atroflicha yoritilib, ular an’anaviy mavzu sifatida sayqal topib borganligiga asosiy e’tibor qaratiladi. Ma’lumki, jamiyatda hukumat boshqaruvi uchun nomzodlarni saylash jiddiy va mas’uliyatli jarayonlardan sanaladi. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysining turli hududlarida o‘tkazilgan saylovlar otryadining nomzodlari va saylovoldi tashviqotlar xalq manfaatiga xizmat qilmay muayyan shaxs manfaatiga yo‘naltirildi. Yuqorida nomlari sanab o‘tilgan vodiyning shoirlari ijodida o‘z davrida tobora urchib borayotgan salbiy illatlar yoritiladi. Shu bilan birga jamiyatdagi tabaqalanish, ya’ni boy va kambag‘allar o‘rtasidagi ijtimoiy va iqtisodiy nizolarning kelib chiqishi haqidagi umumlashma fikrlar bayoni maqola mazmunini yanada boyishiga xizmat qilgan. O‘z davrida jamiyatning qoloq qatlamlari sanalgan chorakor dehqonlar sinfining ruhan ezilganligi, ularning ayrimlarini saylash huquqidan ham mahrum qilinganligi haqidagi realistik voqealar tahlil doirasiga tortiladi. Bu kabiy ijtimoiy-siyosiy voqealar Farg‘ona vodiysining qator shoirlari ijodida o‘z mazmunini saqlagan holda ommalashib borganligi va ular an’anaviy mavzularga aylanib qolganligi xususida muayyan xulosalarga kelinadi.