BAYNAZAROV Zokir
Mazkur maqolada o‘zbek lingvomadaniyatida rang va son konseptlarining tarixiy, lingvistik, kognitiv hamda madaniy xususiyatlari har tomonlama tahlil qilingan. Rang va son atamalarining shakllanishi, ularning qadimiy turkiy yozuvlardan tortib, zamonaviy o‘zbek tilida qanday rivojlanib kelgani ilmiy asoslangan dalillar yordamida o‘rganildi. Tadqiqotning asosiy obyektlari sifatida qadimgi turkiy toshbitiglar tanlab olingan. Shuningdek, O‘rta asr yozma yodgorliklari va zamonaviy tilshunoslik manbalariga ham murojaat qilingan. Maqolada rang nomlarining semantik, etimologik va ramziy tahlillari keltirilib, milliy mentalitetdagi oq, qora, yashil, qizil, ko‘k kabi ranglarning o‘ziga xos ramziy ma’nolari tahlil etildi. Masalan, oq rang – poklik va sof niyat, qora – buyuklik va salobat, yashil – yangilanish va tabiat, qizil esa jo‘shqinlik va qahramonlik belgisi sifatida talqin qilingan. Ranglar xalq og‘zaki ijodi va marosimlarda alohida o‘rin tutgan bo‘lib, bu xalq tafakkurining bir qismi ekanligi isbotlandi. Son konseptlari esa o‘zbek lingvomadaniyatida muqaddaslik va ramziy tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq ekanligi yoritildi. Tadqiqotda bir, uch, yetti, qirq kabi sonlarning qadimgi yozuvlardagi va zamonaviy tilimizdagi qo‘llanilishi tahlil qilindi. Bir soni yagonalik va birlikni anglatgan bo‘lsa, uch soni – tugallik va muqaddaslik, yetti soni – mukammallik va ilohiylik, qirq soni esa o‘tish bosqichlari bilan bog‘liq ramziy ma’noni bildirgan. Bu sonlar qadimiy turkiy tildan tortib, xalq og‘zaki ijodi (ertaklar, dostonlar, maqollar) va marosimlarida faol qo‘llanib kelmoqda. Maqolada rang va son konseptlarining dunyodagi boshqa tillar va madaniyatlar bilan taqqoslanishi ham muhim o‘rin tutadi. Masalan, Xitoy madaniyatida oq rang motam belgisi hisoblanadi, Yevropada esa qora motam ramzi sifatida talqin qilinadi. Shu bilan birga, sonlar ham turli madaniyatlarda muqaddas va ramziy ahamiyat kasb etadi: Hind madaniyatida 108 soni muqaddas bo‘lsa, Xitoyda 8 omad ramzi sifatida e’tirof etiladi. Bu esa o‘zbek tilidagi rang va son konseptlarining o‘ziga xos xususiyatlarini xalqaro lingvistik fon bilan solishtirish imkonini berdi. Tadqiqot natijasida rang va son atamalarining lingvomadaniy, semantik, va tarixiy ahamiyati aniqlanib, ularning uzluksiz rivojlanib kelayotganligi isbotlandi. Ushbu maqola o‘zbek tilining rang-barang leksik boyligi va xalq madaniyatining boy tarixini o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.