BARZIYEV Oybek Xabibullayevich
Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti she’riyatida xalq hayotini realistik uslublar orqali yoritishdan tashqari ushbu davrda yuz bergan turli siyosiy voqeliklar, inson salomatligiga jiddiy zarar keltirgan ofatlar hamda tabiat hodisalari bilan bog‘liq holda yuz bergan ko‘ngilsiz hodisalarni ham yoritish asosiy mavzulardan sanaladi. Andijon viloyatida 1902-yili yuz bergan kuchli zilzila tafsilotlariga bag‘ishlab yozilgan lirik asarlar qator milliy uyg‘onish davri ijodkorlari murojaat qilgan asosiy mavzulardan sanaladi. Maqolada o‘tgan asr boshida Andijon shahrida yuz bergan kuchli zilzila tafsilotlariga bag‘ishlab yozilgan lirik asarlar ilmiy tahlilga tortiladi. Unda aholi boshiga bexos kelgan mazkur talofat haqida bitilgan mumtoz lirik janrlarning g‘oyaviy va badiiy jihatdan mushtarak jihatlari xususida fikr yuritiladi. Mavlono Muqimiy, Abdulohxon Nasimiy, Muhyi Muhammadrizo Oxund o‘g‘li ijodida kuzatiladigan tasviriy vositalar, ularning so‘z qo‘llash mahoratidagi an’anaviy uyg‘un jihatlar bir-biriga qiyoslangan holda tekshiriladi. Milliy uyg‘onish davri Farg‘ona vodiysi shoirlari ijodida zilzilaning yuz berishi haqidagi sabab va oqibatlar tafsilotining bayoni hamda aholi turmush tarzining realistik uslublarda yoritilishi o‘z davrida ushbu mudhish hodisaning tafsilotlariga bag‘ishlangan an’anaviy poetik turkumlilik mavzusiga aylanganligi haqida xulosaga kelingan.