Usmon QOBILOV
Ushbu ilmiy maqola turkiy-o‘zbek mumtoz adabiyotining muhim va dolzarb masalalaridan bo‘lgan nubuvvat va badiiy ijod muammosi tadqiqiga bag‘ishlanadi. Tadqiqotlar shuni ma’lum qiladiki, Sharq, xususan, turkiy-o‘zbek tasavvuf va mumtoz adabiyoti g‘oyaviy-badiiy olamida nubuvvat ta’limoti (profetologiya) salmoqli o‘rin tutadi. Bu olamshumul hodisani anglamasdan Sharq ma’naviyati, madaniyati, chunonchi, badiiy adabiyoti mohiyatini tushunib bo‘lmaydi. Shu ma’noda maqolada, birinchidan, nubuvvat tushunchasi lug‘aviy-istilohiy va ma’rifiy ma’nolari izohlanadi, adabiy jarayonlarda ifoda etilish an’analari nazariy jihatlardan baholanadi, tavhid, nubuvvat va badiiy ijod masalalariga oydinliklar kiritiladi, nubuvvat namoyon bo‘lishining qator holatlari manbalar asosida tadqiq etiladi. Kuzatishlardan ayon bo‘ladiki, nubuvvat tasavvuf ta’limotining shakllanishi va rivojidagina emas, balki sufiylik va mumtoz adabiyot taraqqiyotiga ham katta ta’sir etgan ilohiy hodisa hisoblanadi. Shuning uchun maqolada manbalar va qarashlarga asoslangan holda nubuvvat ta’limotiga daxldor ayrim haqiqatlar ilmiy tadqiq etiladi. Bunda muqaddas manbalar, tasavvuf va mumtoz adabiyot namoyondalari, Sharq mutafakkirlari qarashlariga tayangan holda fikrlar yuritiladi. Ushbu tadqiqotimiz natijalari shuni ko‘rsatdiki, jahon adabiyotidagi boshqa hodisalar singari nubuvvat ta’limoti haqidagi nazariy fikrlar va badiiy talqinlar borasida ham Alisher Navoiy ijodi yuqori maqomda turadi. Shularni hisobga olgan holda maqolada nubuvvat masalasi va uning mumtoz adabiyot poetik olamidagi mavqeyi imkon qadar ochib beriladi.