Muso Muhammadiyevich YULDASHEV
Insoniyatning olis tarixida nutqni yozib olish uchun bir necha ming yil ilgarigina belgilar qo‘llanila boshlagan. Bu davrning boshlanishi eramizdan oldingi beshinchi ming yillikka to‘g‘ri keladi. Dastlabki yozuvlar piktograflardan iborat bo‘lib, ular zamonaviy yozuvlarning shakllanishida asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Qadimgi turkiy qabilalar bilan qadimgi etrusklar o‘rtasida qondoshlik aloqasi bo‘lganmi, agar shunday bo‘lsa farg‘onalik qomusiy olim Ahmad ibn Muhammad Farg‘oniy (X asr) G‘arbda al Fraganus nomi bilan mashhur bo‘lgani kabi, “Etrusk” atamasi ham El (Er) Turk so‘zining yunoncha shakli bo‘lishi mumkin, degan taxmin tug‘iladi. Qadimgi O‘rxun-Enasoy yozuvidagi belgilar bugun yoki so‘zlarni ifodalamay qadimgi lotin (etrusk) yozuvidagi belgilar kabi tovushlarni ifodalash va o‘ngdan chapga qarab, yuqoridan pastga – vertikal bustrofedon usulda yozilishi va belgilarning yuzaki o‘xshashligi hamda baʼzi bir belgilar aynan bir xil tovushni ifodalashiga asoslanib, bu kabilar o‘rtasida aloqa bo‘lgan, degan taxmin qiladigan bo‘lsak, O‘rxun-Enasoy yozuvi bilan lotin (etrusk) yozuvlarining asosi bir bo‘lgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin.