ALIMBEKOVA Vazira Xalimjon qizi
Tilshunoslikning bir qismi bo‘lgan areal lingvistika bugungi kunda o‘rganilishi dolzarb bo‘layotgan yo‘nalishlardan biridir. Dunyo tilshunosligida ham areal lingvistika yo‘nalishida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar qilinayotgani hech kimga sir emas. O‘zbek shevalarining areal tadqiq qilinayotgani va bu sohada ko‘plab darslik va qo‘llanmalar yaratilayotgani yurtimizda ushbu sohaning ham rivojlanib borayotganidan darak beradi. O‘zbek shevalarining dialektal zonalarini, azonalarini va fokus nuqtalarini aniqlash va ularni lingvistik kartalarga joylashtirish hozirda dialektologlarning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlaridan biridir. Maqolada “Devonu lug‘otit turk” asaridagi qadimgi turkiy til leksikasining janubi-sharqiy Andijon shevalariga munosabati: tarixiy-etimologik tamoyilga asoslangan holda devonda va shevalarda shaklan va mazmunan bir xil so‘zlar, devondagi so‘zlarning qisman fonetik o‘zgarishga uchrab shevalarda aynan shu ma’noda qo‘llanishi va devondagi ayrim so‘zlarning shevalarda mano ottenkalarining farqlanishi haqida shaxsiy kuzatish va xulosalar berilgan. Ushbu maqola dialektologiya sohasida hali areal lingvistika nuqtai nazaridan o‘rganilmagan janubi-sharqiy Andijon lingvoareali leksikasining tarixiy qatlamga munosabati ko‘rsatilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligi ta’kidlanadi.