SIROJIDDINOV Shuhrat Samariddinovich, XOLMANOVA Zulxumor Turdiyevna
Maqolada turkiy xalqlarning qomusiy yozma yodgorligi – “Devonu lug‘otit turk”ning adabiy-ma’rifiy qiymati, ma’naviyat va axloq masalalarini yoritishdagi o‘rni tahlil qilingan. “Devonu lug‘otit turk” qomusiy manba sifatida dunyo tillariga tarjima qilingan va katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Asarning adabiy-ma’rifiy qiymati uni yanada kengroq doirada tarjima qilish va tadqiq qilishni taqozo etadi. “Devonu lug‘otit turk” o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiyoti taraqqiyotida ham nazariy, ham amaliy jihatdan muhim manba hisoblanadi. Devondagi she’rlar so‘zlarning ma’nosini oydinlashtirivchi matn sifatida keltirilgan bo‘lib, turli mavzularga bag‘ishlangan. Turkiy xalqlarning qiziqishlarini, dunyoqarashi, ijtimoiy-madaniy munosabatlarini aks ettirgan. Devondagi she’rlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ulug‘langan bo‘lib, ularni tahlil qilish, ma’no-mazmunini turkiy xalqlarga va boshqa dunyo xalqlariga yetkazish ma’naviy-ma’rifiy maqsadlarga xizmat qiladi.